Yozuvchining ikkinchi romani «Ikki eshik orasi», kitobning eng tagida ko‘rsatilishicha, 1982-1985 yillar orasida yozilgan. Ammo roman ikki oy ichida bitgan edi. Yozuvchining ko‘rsatgan sanasida xatolik yo‘q. Gap shundaki, yozuvchi roman bilan uch yil to‘lg‘oqda yurgan. Shu orada O‘tkir Hoshimov xastalandi, kasalxonaga yotishga majbur bo‘ldi. Kasalxona ma’muriyati rafiqasi O‘lmasxon bilan ikkoviga bitta alohida palata ajratib berdi. Kasalxonaga yotganining dastlabki ikki-uch kuni intizomli bemor bo‘lib, bilagiga nina sanchtirdi, do‘xtirlar buyurgan hapdorilarni muntazam yutdi, palatada emas, hovliga chiqib chekdi...
Hamma yozuvchi ham shunaqa bo‘lsa kerak, ammo O‘tkir Hoshimovda kuzatganim shundoq bo‘lganki, u bir asar yaratishdan oldin bir necha kun, balki bir necha oylar, hattoki yillar sandiraqlab yurardi. Hech qanaqa ishga qo‘li bormasdi. Birov bilan suhbatlashayotganda ham xayoli parishon bo‘lardi. «Ikki eshik orasi» romanini yaratish fikri tug‘ilganda u G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda bosh muharrir o‘rinbosari edi.
Jami izohlar (0)
Copyright © 2023.Created by Akhmadov developer